VoIPdagi asosiy muammolar va ularni bartaraf etish usullari
VoIP muammolarini o‘rganishdan oldin, ushbu texnologiya qanday ishlashini tushunib olaylik.
Kirish
VoIP (Voice over Internet Protocol) — bu an’anaviy telefon tarmog‘i o‘rniga internet orqali ovozli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishga imkon beruvchi texnologiya. Ishlash tartibi quyidagicha:
- VoIP shlyuzi(gateway'i) sizning mikrofoningiz orqali olingan analog signalni (ya’ni, sizning ovozingizni) raqamli shaklga o‘zgartiradi.
- Ma’lumotlar kichik bloklarga ajratiladi, bu bloklar ovoz paketlari deb ataladi.
- Paketlar bir necha millisekund ichida alohida-alohida internet kanallari orqali qabul qiluvchiga yuboriladi.
- Olingan raqamli ma’lumotlar tegishli uskuna tomonidan yana analog tovushlarga aylantiriladi.
Bu jarayon ma’lumotlarni samarali uzatishni ta’minlaydi va VoIP texnologiyasining 99,9% ishonchlilik darajasiga ega bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga qaramay, qo‘ng‘iroqlarda jimjitlik, ovozning kechikishi, aloqa uzilishi kabi holatlar yuz berishi mumkin.
Quyida asosiy muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan.
Aloqa sifati bilan bog‘liq muammolar#
1.1 Agar siz vaqti-vaqti bilan ovoz yo'qolib qolishi yoki gapning bo‘linishi kabi holatlarni sezsangiz, bu asosan internet ulanishingizning barqaror emasligi yoki Wi-Fi orqali ulanayotganingiz bilan bog‘liq.
Buni oddiy yo‘l bilan tekshirishingiz mumkin — ping yordamchi dasturi orqali paketlar yo‘qolishini tekshiring (yo‘riqnoma havolasi). Yaxshi ping natijasi 5–8 ms, ruxsat etilgan me’yor esa 30–40 ms gacha bo'lishi kerak. Agar ping 60–100 ms dan oshsa va paketlar yo‘qolsa — bu VoIP ishlashi uchun salbiy ta’sir qiladi. Internet provayderingiz bilan bog‘lanib, ofisingizdagi internet sifati bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qiling.
Shuningdek, siz kabel orqali ulanganingizga ishonch hosil qiling — bu kechikishni kamaytiradi va barqarorlikni oshiradi. Routeringiz imkoniyatlarini, bir vaqtning o‘zida ulanishi mumkin bo‘lgan qurilmalar sonini, internet tezligini tekshiring va provayderingiz taklif qilgan tarifga mos kelishini aniqlang. Internet kanalingiz umumiy foydalanish nuqtasi sifatida yoki video ko‘rish va yuklab olishlar uchun ishlatilayotgan bo‘lsa, bu aloqaga salbiy ta’sir qiladi.
1.2 Agar muammo vaqti-vaqti bilan yuz bersa va siz jimjitlik, ovozning kechikishi yoki tasodifiy uzilishlarni sezsangiz — bu holatga internet kanalning og'ir yuklama bilan ishlashi yoki kompyuteringizdagi protsessorning ortiqcha yuklamasi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
(Ctrl + Shift + Esc) tugmalari orqali CPU va xotira yuklamasini tekshiring. Aniq me'yor yo‘q, lekin agar CPU 90% dan yuqori yuklama bilan ishlayotgan bo‘lsa – ortiqcha dasturlar, sahifalar va xizmatlarni yoping.
Qo‘ng‘iroq vaqtida ping orqali tarmoqni test qiling, test qilish davomida brauzer sahifalarini oching va boshqa dasturlarni ishga tushiring. Ayniqsa CRM yoki boshqa dasturlar bilan integratsiya bo‘lsa, bu tizimga qo‘shimcha yuk beradi.
1.3 Agar siz ovozni shovqin, kechikish yoki noto‘g‘ri tartibda yetib kelish bilan eshitsangiz — bu holat tezlikdagi o‘zgarishlar va uzatishning barqaror emasligini belgisi bo‘lishi mumkin. Bu qo‘ng‘iroqning umumiy sifatiga ta’sir qiladi va ko‘pincha suhbatdoshlar o‘rtasida bir-birini gapini tushunolmaslikka olib keladi.
Bularning barchasi sizning internet-ulanishingizning barqaror ishlamayotganini ko‘rsatadi.
Qizig‘i shundaki, saytlar baribir tez yuklanadi, chunki sahifalarni ko‘rishda ma’lumotlar "bo‘laklab" yuklanadi. Ammo bunday uzilishlar telefoniya uchun mutlaqo yaroqsiz hisoblanadi.
Telefoniya uzluksiz oqim orqali ishlaydi va ovoz to‘xtovsiz uzatilishi kerak. SIP-telefoniyaga katta tarmoq kengligi shart emas, ammo aloqa uchun alohida kanal ajratilishi maqsadga muvofiq.
Umumiy tavsiyalar:
- Birinchi navbatda qurilmangiz qanday ulanganiga e’tibor bering. Wi-Fi internetga kirish uchun odatda yetarli bo‘ladi, lekin Ethernet (tarmoq kabeli) orqali ulanish sizning ishingiz uchun eng yaxshi variant bo‘lishi mumkin. Ethernet kabeli qurilmangizda internet tezligini oshiradi, tarmoqdagi kechikishni kamaytiradi va barqaror ulanishni ta’minlaydi. Bu tovush uzilishiga sabab bo‘ladigan paket yo‘qolishi muammosini bartaraf etishga yordam beradi. Ushbu ulanish turidan foydalanishni qat’iy tavsiya qilamiz.
Agar hozirda kabel orqali ulanish imkoni bo‘lmasa yoki siz baribir Wi-Fi’dan foydalanishni ma’qul ko‘rsangiz, kamida 802.11ac standarti bo‘lgan professional Wi-Fi uskunasidan foydalanayotganingizga ishonch hosil qiling (Real tezliklar, uskuna va Wi-Fi standartlari | Uztelecom.uz, chunki u barqarorlikni oshiradi va ko‘proq foydalanuvchini bir vaqtda qo‘llab-quvvatlay oladi.
- Bir xil tarmoqda katta hajmdagi fayllarni yuklab olish, video oqimlari va boshqa ma’lumotlar uzatish faoliyatlaridan saqlaning, chunki bular kechikishni oshiradi.
- Agar routerning yuklamasi yuqori bo‘lsa, ishlatilmayotgan yoki keraksiz tarmoq uskunalari yoki dasturlarni o‘chirib, VoIP-trafikni ustuvor qiling. Bu qo‘ng‘iroqlaringizga yetarli tarmoq kengligini ta’minlaydi.
Agar tarmoq kengligining yetishmasligi muntazam ravishda aloqa sifatiga ta’sir qilsa, internet-paketingizni kengaytirish haqida o‘ylang. Qisqa muddatli yechim sifatida tarmoqqa ulangan qurilmalar sonini kamaytiring.
- Ishlatilmayotgan, ammo protsessor va internet sarfini oshiradigan sahifa, sayt yoki ilovalarni yoping.
- Muammo davom etsa, QoS filtratsiyasini yoqing: TP-Link’da QoS qanday sozlanadi
Exo#
Exo holatida siz yoki suhbatdoshingiz o‘z ovozingizni yoki atrof-muhit shovqinlarini eshitasiz. Sabablari: karnay rejimi yoqilgan, sifatsiz quloqchin yoki tashqi karnay va mikrofonlardan foydalanish.
Exo’ni tekshirish uchun *43 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
Tavsiyalar:
- Tashqi mikrofon va karnaylardan foydalanmang. Quloqchin akustik izolyatsiyani yaxshiroq ta’minlaydi.
- Bluetooth va boshqa simsiz quloqchinlardan emas, balki 3,5 mm ulagichli simli quloqchinlardan foydalaning.
- Suhbat vaqtida karnay rejimini o‘chiring.
- Exo’ni bostiruvchi texnologiyaga ega qurilmalarni tanlang.
- Exo yo‘qolmasa, qurilmangiz yoki softfon sozlamalarida mikrofon ovoz balandligini pasaytiring.
Exo har doim operator bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Muammo mijoz tomonida ham bo‘lishi mumkin. Agar har qo‘ng‘iroqda yuz berayotgan bo‘lsa, yuqoridagi tavsiyalarni ko‘rib chiqing.
Bir tomonlama eshitish#
Bu muammoda suhbatdoshlardan biri boshqa tomonini eshitmaydi yoki umuman ovoz bo‘lmaydi. Sabablari: noto‘g‘ri sozlangan ovoz qurilmasi, qoidalar bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanmaydigan kodeklar yoki tarmoq uskunalarining ovoz oqimini bloklashi (NAT, firewall, router va h.k.).
Tavsiyalar:
- Qo‘ng‘iroqlar uchun faol quloqchin tanlanganiga ishonch hosil qiling.
- Tizim G.711 (A-law, u-law) (ba'zida PCMA, PCMU ko'rinishida yoziladi) kodeklaridan foydalanadi. Shu kodeklar yoqilganini tekshiring, qolgan kodeklarni o‘chiring.
- Ba'zida xavfsizlik devori yoki router tarmog'ingizdagi ovozli trafikni bloklashi mumkin. Quyidagi portlarni oching yoki yo‘naltiring:
- TCP: 443
- TCP/UDP: 5060–5080
- UDP: 10000–20000 (RTP)
- Routerning SIP ALG funksiyasini o‘chiring.
Qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va amalga oshirishdagi muammolar#
Ko‘pincha mijozlaringiz sizga qo‘ng‘iroq qila olmaydi, yoki chiqish qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirishga harakat qilganingizda operatorda hech narsa yuz bermaydi. Odatda bu dasturiy ta’minot masalalari bilan bog‘liq, tarmoq muammolari esa ikkinchi darajali ahamiyatga ega.
Kirish qo‘ng‘iroqlari muammolarini bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar:
- Hisobingiz faol va qo‘ng‘iroqlarni qabul qilishga tayyor ekanini tekshiring
- “Bezovta qilmang” (DND) rejimi o‘chirilganligiga ishonch hosil qiling
- Operator kirish qo‘ng‘iroqlarini taqsimlash jarayonida ishtirok etayotganiga e’tibor bering
Integratsiya yoqilganida qo‘ng‘iroqlarni mas’ul menejerga yo‘naltirish ayrim xodimlarga ortiqcha qo‘ng‘iroqlar tushishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Chiqish qo‘ng‘iroqlari muammolarini bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar:
- Chiquvchi qo'ng'iroqlar barcha operatorlar uchun ishlamayotganligini tekshiring. Ko'pincha xodim yoki bir nechta xodimlarga chiquvchi qo'ng'iroqlarni amalga oshirish taqiqlangan bo'lishi mumkin.
- Raqamingiz bo‘yicha aloqa xizmatlari uchun to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlang
Barcha turdagi qo‘ng‘iroqlar uchun umumiy tavsiyalar:
- Server va internet ulanishining barqarorligini (ping) tekshiring
- UTeL hisobi uchun to'lov to‘langan va faol ekaniga ishonch hosil qiling
- Routerning SIP ALG funksiyasi o‘chirilganligiga e’tibor bering
- G.711 kodeklari (A-law, u-law) ishlatilayotganini tekshiring
- UTeL serveriga ulanishingiz UDP protokoli orqali bo‘lishi kerak
Hisobning “Oflayn / Nofaol” holatiga tez-tez o'tishi#
Agar siz yoki xodimlaringiz hisob tez-tez uzilib qolayotganini sezsangiz, bu holat darhol qabul qilingan qo‘ng‘iroqlar sonining kamayishiga, o'tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlar sonining ortishiga va va bu xodimlarning mijozlar bilan aloqada bo‘lish imkoniyatini kamaytiradi. Bunday holatning sabablari qurilmangizning asosiy sozlamalari yoki tarmog‘ingizdagi muntazam o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
Umumiy tavsiyalar:
- Agar siz softfondan foydalanayotgan bo‘lsangiz, serverga qayta ro‘yxatdan o‘tish vaqtini standart 300 soniyadan 90 soniyaga qisqartiring. IP-telefonlar uchun esa bu qiymatni 5 daqiqa qilib belgilang.
- Routerning ishlashini tekshiring — u vaqti-vaqti bilan qayta yuklanmayaptimi yoki o‘chib qolmayaptimi.
- Kompyuteringizda “uyqu rejimi”ga o‘tish vaqtini oshiring.
VoIP bilan bog‘liq muammolarni oldini olish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar
- Ethernet (kabel) orqali ulaning
- Telefoniya uchun ishlatilayotgan tarmoqdan keraksiz qurilmalar yoki telefonlarni uzing
- Internet sarfi va protsessor yukini oshiradigan ilovalar, dasturlar va sahifalarni yoping
- Sifatli quloqchindan foydalaning
- Suhbat davomida imkon qadar karnay rejimini ishlatmang
- “Bezovta qilmang” (DND) rejimini faqat zarurat bo‘lsa yoqing
- Qurilmangizning serverga qayta ulanadigan vaqtini maksimal darajada qisqartiring
- Tarmoq uskunangiz ovozli uzatishni bloklamasligiga ishonch hosil qiling
Agar yuqoridagi ro‘yxatda siz duch kelgan muammo haqida ma’lumot bo‘lmasa yoki uni o‘zingiz hal qila olmasangiz, Telegramdagi @utelsupport orqali yozing yoki (55)508-55-11 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.